Respublikaning ikki yirik korxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Respublikaning ikki yirik korxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Z.Narzullayev boshchiligida temir yo‘l sanoat korxonalari rahbarlari va bir qator mutaxassislardan iborat delegatsiya “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida O‘zbekiston iqtisodiyotining jadal rivojlanishiga muhim hissa qo‘shayotgan ikki korxona mutasaddilari temir yo‘l transporti orqali yuk tashish rejalarini o‘z vaqtida samarali tashkil etish, ko‘rsatiladigan transport xizmatlari sifatini yanada yaxshilash, harakat tarkiblarini ta’mirlashda foydalaniladigan ehtiyot qismlarni ikki korxonaning mashinalarni qurish zavodlarida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahalliylashtirish va takomillashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borishdi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati delegatsiyasi Navoiy mashinasozlik zavodi ishlab chiqarish bo‘linmasida ham bo‘lib, zavod faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Sanoat korxonalari rahbarlari ishlab chiqarish quvvati va salohiyatini kengaytirish borasida o‘z tajribalari, yutuqlari va rejalari bilan tajriba almashdi. Uchrashuv doirasida tomonlar o‘rtasida har ikki sohani yanada rivojlanishga yordam beradigan aloqalarni kuchaytirish, xususan, temir yo‘l transportida yuk tashish, ishlab chiqarish va servis xizmatlarini rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish yuzasidan o‘zaro memorandum imzolandi.